A’ZAM OBID: “Tarjimaning kuni bityapti…”
Muammoni aslo yashirma. Sen yashirganing hisobiga kun kelib, u yanada kattaroq bo‘lib ko‘rinish berishi mumkin. Uni faqat hal etish kerak. “Ma’rifat” minbaridagi bugungi suhbatdosh shoir va tarjimon — A’zam Obid bo‘ladi…
— Suhbatimizni sal yengilroq savol bilan boshlasak: tarjimonlikka sizni nima yetaklagan va necha yildan buyon ushbu yo‘nalish vakilisiz? Sir bo‘lmasa, hozirgacha umumiy tarjimalaringiz soni qanchaga yetdi?
— 90-yillar oxirida tarjima sohasiga kirib kelganman: hayiqmay, birov o‘qisa nima derkan, qanday baholarkin, demay, hech ikkilanmay kirganman. Ingliz tilini maktab payti va universitetda o‘qib yurgan yillarim mustaqil o‘rganganman. Haligacha yaxshi bilaman, deb ayta olmayman, fransuz, nemis, ispan, arab tillari qatorida haliyam o‘rganyapman. O‘sha paytlar ingliz tilini bilish zarurat emas edi, adabiyot odamining inglizchani bilishi juda boshqacha qabul qilinardi. Xullas, ilk tarjimam Shekspir sonetlarini asliyatdan o‘zbekchaga o‘girish bo‘lgan. 2000-yillar boshida esa nega o‘zbek adabiyoti ingliz tiliga tarjima qilinmagan, nega hech kim bu ish bilan shug‘ullanmayapti, degan katta savol va vazifani o‘zimga belgilab olgandim. O‘zbek adabiyotidagi go‘zal she’riy va nasriy asarlarni ingliz o‘quvchilari, inglizcha biladiganlar ham o‘qishini judayam istaganman. Hozirgacha bu istak va orzu chekingan emas. O‘tgan 20 yildan ortiq vaqt ichida bu borada nimadir qila oldim, ammo bu ummondan tomchi xolos. Afsuski, O‘zbekistonda ummonga qo‘shilishni istovchilar juda kam. Umuman olganda, bu ishni nega va qanday qilishni haligacha yaxshi tushunishmayapti.
Kaminaning ingliz, fransuz, rus, ispan, turk tillaridan o‘zbek tiliga qilgan tarjimalari ko‘p emas. Ingliz tilidan o‘zbek tiliga ham mumtoz, ham zamonaviy adabiyot vakillaridan bitta roman, ko‘plab hikoyalar va juda ko‘p she’rlar tarjima qilganman. Ammo mazmunan boyligi ancha yuqori bo‘lgan o‘zbek adabiyotidan bevosita ingliz tiliga qilgan tarjimalarim ijodimning eng katta bo‘lagi hisoblanadi. Hozirgacha 2 ta roman, 1 ta qissa, ko‘plab hikoyalar, va eng asosiysi, juda ko‘p she’rlarni ingliz tiliga o‘girganman. Umumiy hisobda inglizcha bisotimda 100 ga yaqin yoki undan sal ortiq adib va shoirlarimizning ijodidan namunalar bor. Ularning orasida Alisher Navoiy, Pahlavon Mahmud, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Erkin A’zam, Jamol Kamol, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlardek mashhur nomlar uchrashini aytib o‘tishim kerak. Ayol yozuvchi va shoiralarimizdan alohida inglizcha guldasta tuzgan paytlarim bo‘lgan. Balki 10 tomlik katta-kichik kitobga jo tarjima tayyorlab qo‘ygandirman!
— Sizningcha, tarjima san’at darajasida chiqishi va hammaga tushunarli bo‘lishi uchun tarjimondan xorijiy tillarni bilishdan tashqari yana nimalar talab etiladi?
— Ijodiy safarlar, xorijlik adiblar bilan do‘stlashish, muloqotga kirishish, xalqaro adabiy loyihalar qilish, dunyo miqyosidagi adabiyot festivallari, tarjima vorkshoplari va rezidensiyalarda qatnashish tarjimon uchun juda muhim deb o‘ylayman.
— Shoir va tajimonsiz. Ko‘p ijodkorlar hamda tarjimonlar asosan o‘zining yo‘nalishiga moslab, nazm yoki nasrdan birini tanlaydi. Bilamiz, she’rlardan tashqari, hikoyalarni ham tarjima qilasiz. Aslini olib qaraganda, nasriy asarlar va to‘rtliklar o‘girilishi o‘rtasida qanday farqlar bor? Ikkalasini solishtirganda qaysi biri qiyinroq?
— O‘zim asosan she’r yozganim uchun nazmiy asarlarni tarjima qilishni osonroq deb hisoblayman. “Ammo nasriy asarlarni men tarjima qilmasam kim qiladi boshqa?” degan o‘y xayolimga ming marta kelgan va yozuvchilarni ham targ‘ib qilishga astoydil kirishgan paytlarim bo‘lgan. Omadim shundaki, tarjimalarimni, xoh u nasriy, xoh nazmiy bo‘lsin, ustidan ko‘rib beradigan muharrirlarim bor. U muharrirlar asosan ingliz tili ona tili bo‘lgan do‘stlarimdir. Ya’ni tarjimalarimni muharrir ko‘rmay turib, biron joyda bosmaslik, keng kitobxonga tavsiya etmaslik fikri men uchun hamisha birinchi o‘rinda turadi. Biroq rejalar har doim ham muvaffaqiyatli amalga oshavermaydi. Masalan, g‘azal nimaligini tushunmagan chet ellik o‘quvchilarimdan g‘azal tarjimasi haqida “bu nima o‘zi?” degan xatlar olgan paytlarim bo‘lganligini sizga ochiqchasiga aytib o‘tishim kerak.
— Ayrim asarlarni boshqa tilga o‘girish mushkul. Masalan, o‘zbek adabiyotining yorqin vakili, yozuvchi Tog‘ay Murodning hikoya, roman va qissalarini. o‘ta xalqchil hamda shevaga oid so‘zlar nihoyatda ko‘p ishlatilgan. Qisqa qilib aytganda, o‘zbeklar uchun yozilgan va faqat o‘zbeklargina miriqib mutolaa qilishi mumkin. Uning ijodini boshqa tillarga tarjima qilishning o‘zi haqiqiy qahramonlik desak bo‘ladi. Faoliyatingiz davomida yozuvchining asarlariga qo‘l urib ko‘rganmisiz?
— Albatta, hali aytgan tarjima xaltamda Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasidan parchalar ham mavjud. Uni 15 yilcha avval qilganman, shaxsiy saytimda ham turibdi. Kimdir o‘qigandir. Savolingizga to‘liq qo‘shilaman. Ochig‘i, Tog‘ay Murod asarlari tilini inglizchada jaranglatish oson emas, alohida tayyorgarlik, qo‘shimcha snoskalar, sharhlar, tushuntirishlar berishga to‘g‘ri keladi.
— Tarjima og‘ir. Juda ko‘p vaqt, sog‘lik ketadi. Tegishli mas’ullar qanday amaliy ishlar qilsa, o‘zbek tarjimonlari rozi bo‘ladi, hozirgi asosiy muammolar to‘g‘risida gapirsangiz…
– O‘zbekiston badiiy ijod va san’at sohasida boy, rang-barang va ulkan merosga ega bo‘lgani bilan, bu merosning katta qismidan hali xalqimizning o‘zi mutlaqo bexabar. Dunyo hamjamiyatining xabardorligi esa bir foizga ham yetmaydi. Eshityapsizmi, bu juda dahshat. Alisher Navoiy asarlarining ingliz tiliga deyarli tarjima qilinmaganligi fakt. Lekin shuni anglab turib, “Navoiyni dunyo biladi!” deyishga uyalmaymizmi? Ochilganligiga bir yil bo‘layotgan Navoiy jamg‘armasining nimalar bilan bandligi juda qiziqtiradi. Rasmiylar “O‘zbekiston hamma sohalarda dunyoga chiqmoqda” deya og‘iz ko‘pirtirayotgandir, biroq mamlakatda bu yo‘nalish borasida o‘ta muhim tadbirlar va tashabbuslar haligacha yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Buning ustiga, O‘zbekistondagi birorta shahar UNESCO adabiyot yoki san’at shaharlari ro‘yxatiga kirgan emas. Bundan tashqari, adabiy agentlik, adabiy agent nimaligini haligacha ko‘pchilik bilmaydi. Yozuvchilar uyushmasi va Badiiy akademiyaning yuzlab a’zolari, hatto turli-tuman yaltiroq unvonlilar, xalq shoirlari-yu yozuvchilari ichidan dunyoga taniqli, dunyo sahnalariga chiqib o‘z so‘zini aytayotgan deyarli hech kim ko‘rinmaydi. O‘zbek ijodkorlarining aksari xorijiy tillarni umuman bilmaydi. Ularga dunyoga chiqish yo‘llarini, chet ellarda tanilish, asarlarini nashr etish, ko‘rgazmalarini qilish, xalqaro festivallarda ishtirok etish, xalqaro yozuvchi va rassomlar rezidensiyalarida qatnashish, xalqaro ijodiy munosabatlar o‘rnatish, chet ellarga o‘qishga, malaka oshirishga yuborish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi bironta tashkilot yoki mexanizmning o‘zi yo‘q. Muammolar shu qadar ko‘pligidan, yig‘laging keladi. O‘zbekistonning adabiyoti, san’ati, madaniyati, xilma-xil urf-odat va qadriyatlarini chet elda targ‘ib qiladigan, tanishtiradigan (masalan, Gyote institutiga o‘xshagan) yirik institut kerak. Yaqinda ochilgan “Vatandosh” jamg‘armasi esa biror jo‘yali ish qilishiga shaxsan mening ko‘zim yetmayapti. Viloyatlar, Qoraqalpog‘istonda yashab ijod qilgan mumtoz hamda zamonaviy yozuvchi, shoir va rassomlarni chet ellarda deyarli hech kim bilmasligiga achinib ketaman. Hokimliklarning adabiyot va san’atga yo‘naltirayotgan mablag‘lari qayoqqa ketyapti ekan-a?! Qachon markazlashtirilgan adabiy tarjimonlar uyushmasi tuziladi? Davlatga qarashli adabiyot va uy-muzeylari faoliyati o‘ta nochor, erkinroq tadbir o‘tkazamiz deyilsa, maxsus ruxsat kutib o‘tiriladi. Yaraga tuz sepgandek bo‘ldingiz. Gap kelganda aytaqolay masalan, Xivadagi Ogahiy muzeyida biror dona tarixiy eksponat yo‘q. Namangandagi “Oltin meros” muzeyi esa abgor bo‘lib yotibdi.
— Ha, muammolar ancha to‘planib qolgan ekan. Unda ijod ahli nega birlasha olmayapti, hamjihatlikda davlat rahbariga murojaat qilib takliflar kiritsa bo‘lmaydimi?
– Zamonaviy o‘zbek yozuvchi, shoirlari – O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinish, bepul poliklinikadan foydalanish, imtiyozli kvartira, dala hovli va biron mukofotga ilinishni o‘zining eng katta maqsadi deb biladi, biroq o‘z bilimini oshirish, til o‘rganish, xalqaro doiralarga chiqish haqida o‘ylab ko‘rmaydi. Dunyoda menga mukofot yo unvon bering, deya ariza topshirishdan ham uyatliroq narsa bormikan?! O‘zbek tili va adabiyoti universiteti bitiruvchilari o‘z mustaqil ijodiy ishini ochishni o‘ylamayapti. Nari borsa gazeta tahririyati yoki telekanallardagi mahalliy ishlarga sho‘ng‘ib ketmoqda xolos. Yana bir guruh yosh ijodkorlar chet elga ishga, juda kam sonlisi o‘qishga chiqib ketgan. Achinib ketaman, shuning uchun ochilganmidi adabiyot va san’at oliygohlari? Hukumatning ayrim vakillari esa muammolarni ko‘rib-ko‘rmaganga oladi. Chet ellarda dong‘i ketgan eng taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulhamid Ismoil hozir O‘zbekistonga kiritilmayapti. Sababi bizga qorong‘u. Bu yoqda Xalq shoiri Jamol Kamol o‘z kitoblarini emas, Nizomiy hazratlarining “Xamsa”lar onasi deb nom qozongan bebaho asarlarining o‘zi qilgan tarjimalarini nashr etishga bosh-qosh bo‘linglar, deya tirikligida kiritgan takliflarini Prezident portalidan to hokimliklargacha, u yoqdan bu yoqqa koptok qilib otishmoqda! Ulug‘ shoir Rauf Parfi va u kabi haqgo‘y ijodkorlarga esa “saroyga xizmat qilmagani” uchunmi, bilmadik, negadir begona sifatida qaralmoqda. Hamma sohalarda “chet el tajribasi”ni o‘rganayotganimizni aytayapmiz-u, nega ijodiy sohada eng yaxshi va eng kerakli chet el tajribalarini o‘zimizga olib bilmayapmiz? Kamina eng ilg‘or mamlakatlardagi kabi o‘zbek adabiyoti va san’ati ham davlatdan mutlaqo mustaqil rivojlanish yo‘liga o‘tishi tarafdoriman. Ijodkorlar birlasha olishiga katta shubham bor. Sabablarini yuqorida asosladim…
— Tarjimonlarga moliyaviy jihatdan e’tibor qanday? Aytaylik, faqat tarjimachilikning o‘zi bilan ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladimi?
— Tarjima men uchun “hobbi” bo‘lgani bois bu vazifani asosiy ishimdan bo‘sh paytlar qila olaman xolos, ya’ni ishni tez bitirib bera oladigan tarjimon emasman. Ijod qalb ishi bo‘lgani holda, har bir qalamkash she’r, hikoya, maqola yozish va tarjima uchun qadrli VAQTini sarflashi bor gap. Ular o‘sha vaqtini aslida moddiy foyda keltiruvchi boshqa yumushga ham sarflashi mumkin edi. Ammo…
Bizda faqat badiiy tarjima, ijod bilan shug‘ullanib, oila boquvchi, shu orqali kun ko‘ruvchi ijodkorni men bilmayman. To‘g‘risini aytganim yaxshi. Biroq shunday qilishning imkoni bor. Buning uchun tarjima asar yo umuman kitobingizni bosadigan nashriyot va tahririyat, sizni uchrashuv hamda turli tadbirlarga chaqirayotgan tashkilotlar bilan aniq belgilangan shartnoma (moliyaviy) tuzib olish kerak. Buning hech qanday uyatli joyi yo‘q. Ko‘pincha bizni ijodiy uchrashuvga taklif etishsa, hurmat qilib chaqirganlari uchun ham jon deb boramiz. Vaholanki, butun bir kunimiz o‘sha uchrashuvga sarf bo‘ladi. Yo‘l haqi to‘lab, ba’zan cho‘ntagimizdan ovqatlanamiz, axir!
Esingizda bo‘lsin: hozir O‘zbekistonda adabiyot va ijodni qo‘llab-quvvatlashga birinchi galda davlat mas’ul va bu sohaga budjetdan yetarlicha mablag‘ ajratiladi. Demak, har xil tashkilotlar ijodkor xizmatidan foydalanayotgan bo‘lsa, ko‘rsatgan xizmati uchun rozi qilsin. Negaki, uning ham oilasi, tirikchiligi bor!
– Boshqa hamkasblaringizni ham kuzatib borasizmi, ularning ishlariga qanday baho berasiz?
– Men ko‘proq chet el adiblari asarlarini asliyatda o‘qiyman. Xorijiy tillarni bilish bu katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Oxirgi yillarda Karim Bahriyev qilgan tarjimlarni o‘qidim, ba’zi audiokitoblarni eshitdim. Juda ma’qul keldi…
Abror POYONOV suhbatlashdi.
http://marifat.uz/marifat/ruknlar/manaviat/A-ZAM-OBID-Tarjimaning-kuni-bityapti….htm