BIZ – DELFIK OILASIMIZ!
Madaniyat — ruhimiz va jonimiz.
San’at — qalbimiz sadosi.
Asl maqsadimiz – tinchlik.
Qadimiy tarix
Ona Zaminga samimiy hurmat bajo keltirar ekan, qadimiy Delfik g‘oyasi insoniyat jamiyatida uyg‘unlik va muvozanatni saqlab turadi. Bu xalqlar, davlatlar va shaxslar o‘rtasida o’zaro tushunishni, jamiyatda adolatni, jonli tabiatga bo’lgan hurmatni, inson tafakkurida go‘zallikni targ’ib qiladi hamda jismoniy, ruhiy, psixologik va ma’naviy yaralarni davolashni o‘z ichiga oladi. Ushbu fazilatlarni namoyon etish orqali Delfik harakati “Delfik O‘yinlari”, ijodiy va madaniy muloqotlar uchun mo‘ljallangan umumiy platformalarda tinch-totuv yashaladigan dunyo g’oyasini ilgari suradi.
Yunonistonning Delfi shahrida taxminan 2600 yil avval yuzaga kelgan Delfik o’yinlari san’at va madaniyat bo‘yicha sportdagi Olimpiada o’yinlariga teng hisoblanadi. Tarixan Olimpiadadan bir yil oldin o‘tkazilgan bu tadbirlar xalqlar, jamoalar, madaniyatlar va davlatlar o‘rtasida tinchlikni mustahkamlashga xizmat qilgan. Zamonaviy Olimpiya o’yinlari 1894-yilda Parijda qayta tiklangan bo‘lsa, Delfiklar 1994-yilda Berlin shahrida yangidan jonlangan.
Zamonaviy tarix
Xalqaro Delfik harakati ixtiyoriy, notijorat, siyosatdan va diniy qarashlardan xoli tashkilot sifatida tuzilgan bo‘lib, 20 mamlakat vakillari zamonaviy davrda san’at va madaniyat orqali tinchlikni targ‘ib etishga bag‘ishlangan muhim hujjat – “Delfik Xartiyasi”ni imzolaganlar.
Shundan buyon u global badiiy va madaniy o‘zlikning yetakchi targ‘ibotchilaridan biriga aylanib, dunyoning madaniy rang-barangligini asrash maqsadida uch qit’ada yettita Delfik o‘yinini tashkil etdi hamda san’at ahli, ijod ixlosmandlari va turli manfaatdor tomonlarni birlashtirib kelmoqda.
Mushtarak asos
Delfik harakati umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan madaniy va badiiy o‘zlikni mustahkamlaydi. U turli san’at yo’nalishlarini uyg‘unlashtiruvchi yondashuv orqali insoniyat ijodiy salohiyatini keng qamrab olib, o‘ziga xos muloqot modeli sifatida oltita asosiy yo‘nalish va ularning turli janrlarini birlashtiradi. Bular: Musiqa san’ati; Sahna san’ati; Tasviriy san’at; So’z san’ati; Amaliy san’at; va Hunarmandchilik.
Faoliyat, hamkorlik va qo’llov
Qayta tiklanganidan buyon Delfik o‘yinlari Gurjiston, Rossiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Filippin, Germaniya va Janubiy Afrikada o‘tkazildi, shuningdek global miqyosda ko‘plab madaniy tashabbuslar amalga oshirildi. UNESCO, Yevropa Kengashi va ASEAN kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek turli hukumatlar va hamkorlar ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Nelson Mandela (Janubiy Afrika), Mixail Gorbachev (sobiq SSSR), Helmut Shmidt (Germaniya) va Eduard Shevardnadze (Gurjiston) singari davlat va jahon arboblari, shuningdek taniqli musiqachilar, rassomlar, olimlar, pedagoglar, tarixchilar va madaniyat fidoyilari insonlarni san’at va madaniyat orqali birlashtirishga xizmat qiluvchi Delfik g‘oyasining tarafdorlari bo’lganlar.
Turli-tuman bo‘lsak-da, bir butunmiz
Berlin shahridagi bosh qarorgoh va Afinadagi kotibiyatga ega Xalqaro Delfik Kengashi 31 yildan ortiq faoliyati davomida o‘zining global tarmog‘ini madaniy bilimlar, aloqalar va resurslarni birlashtiruvchi muhim maydonga aylantirdi. Bugungi kunda ushbu tarmoq 100 dan ortiq rasmiy va norasmiy milliy hamda mintaqaviy bo‘limni, maktablardagi Delfik klublarini, shuningdek hukumatlar, universitetlar va san’at tashkilotlari bilan hamkorliklarni qamrab oladi. U turli qarashlar, kelib chiqishlar va madaniyatlarga mansub insonlarni tinchlik va o‘zaro anglashuv yo‘lida birlashtiruvchi insonparvar tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
###

