Alisher Navoiy gʻazallari va “Navoiy gulshani” AQSHda chop etildi
2021-yil yanvar oʻrtalarida Alisher Navoiy gʻazallari va Tursunoy Sodiqovaning “Navoiy gulshani” risolasi jamlangan “Without You” (Sensiz) nomli kitob AQSHdagi Arizona shtatida joylashgan “Jasmaya Productions and Publications” nashriyotida chop etildi. Kitobni shoir va tarjimon Aʼzam Obid tarjima qilib, nashrga tayyorladi. Ushbu loyiha hazrat Navoiy tavalludining 580 yilligiga sovgʻa oʻlaroq dunyoga keldi.
“Men Alisher Navoiy asarlari ingliz tiliga judayam kam oʻgirilganidan xabar topgach, hayron qoldim, hatto bundan xafa ham boʻldim. Agar kaminaga yana bir bor yashash imkoni berilganida bormi, butun hayotimni chigʻatoy-turkiy va unga yaqin tillarda yozilgan nodir asarlar tarjimasiga bagʻishlagan boʻlardim”, – deydi ushbu kitobga muharrirlik qilgan Ebigeyl Britton.
“Without You” Navoiyning 14 ta juda chiroyli gʻazali hamda shoira va maʼnaviyat targʻibotchisi Tursunoy Sodiqovaning qator boshqa gʻazallarga sharhlarini oʻz ichiga oladi. Ajoyib rassomlarimiz Shavkat Muzaffar va Husan Sodiqov gʻoyat goʻzal ishlari bilan kitobni bezash orqali ushbu loyihada ishtirok etishdi. Kitob “Amazon” onlayn tarmogʻida ham mavjud.
“Biz Navoiyni nafaqat ingliz dunyosiga, balki yer kurrasidagi yuz millionlab boshqa xalqlarga ham tanishtirish yoʻlida juda kam ish qildik. Men adabiyotimizni chet tillariga tarjima qilish va xorijda targʻib etishga masʼul boʻlgan Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi hukumat qoʻllovidagi birorta tashkilot yo uyushma aʼzosi emasman, yaʼni bunday ishlarni mustaqil va koʻngilli ravishda amalga oshirmoqdaman. Istagim shuki, Alisher Navoiy nomini koʻtarib yurgan va boshqa barcha masʼul muassasalar, katta-kichik dargohlar tezroq uygʻonsin va jiddiyroq xalqaro loyihalar bilan ham shugʻullansin”,- taʼkidladi kitobni ingliz tiliga tarjima qilgan Aʼzam Obid.
Shu kungacha A’zam Obid oʻzbek adabiyoti, xususan, Navoiyni dunyoga tanitish uchun talaygina ishlarni amalga oshirdi. Masalan, 2004-yili u AQSHdagi Ayova shahar teatrida amerikalik aktrisa bilan birga Navoiy siymosini sahnaga olib chiqdi. 2011-yili birinchi bobi Navoiyga bagʻishlangan “Qush tili” nomli yetti tildagi xalqaro sheʼriyat antologiyasini nashr ettirdi, 2018-yili esa “Farhod va Shirin” dostonini ingliz tilida chet elda chiqardi. Shuningdek, u oʻzbek tilidagi “Navoiy” badiiy filmini inglizchaga oʻgirdi. A.Obid xorijlik adib, shoir va tarjimonlar Yanush Krjizovskiy, Geri Dik, Mariya Filipova, Mori Key, Laura Uitton va koʻplab boshqa doʻstlariga hazrat Navoiyni Polsha, Kanada, Bolgariya, Yaponiya, AQSH va boshqa mamlakatlarda tanishtirishga koʻmaklashdi.
Oʻzbek adabiyoti, madaniyati va sanʼatini chet mamlakatlarda targʻib etish uchun Aʼzam Obid dunyoning turli burchaklaridagi vatandoshlar yordamida Navoiy institutini ochishni orzu qiladi. U Oʻzbekistonda yillik xalqaro sheʼriyat festivali boshlashni ham rejalashtirmoqda.
Bu yil u oʻz mustaqil tashabbusi hisoblangan “Chet ellik yozuvchi va rassom Oʻzbekistonda rezidensiyada” (UzLAB) ijodiy turizm dasturini davom ettirish niyatida. Shuningdek, u yozuvchi, shoir va rassomlarga xalqaro aloqalarga ochilish va chet elda tanilish yoʻllarini bosqichma-bosqich tushuntirgan holda “Mitti koʻprik” Telegram kanalini, S.Yudakov uy-muzeyida ijodkorlar uchun bepul ingliz tili klubini yuritmoqda.
A’zam Obid Oʻzbekistonda adabiyot va sanʼat albatta mustaqil rivojlanish yoʻliga tushib olishi lozim, degan fikrda. U mamlakat rahbarlari, xalqaro donorlar va volontyorlardan Toshkentdagi mahallalardan birida chet ellik ijodkorlar yashab, boshqa ilgʻor adabiy-madaniy loyihalar qatorida oʻzbek adabiyotining eng yaxshi namunalarini, jumladan, Alisher Navoiy asarlarini turli dunyo tillariga tarjima qiladigan mustaqil “Xalqaro ijod uyi” ochishda unga chin dildan qoʻshilish hamda oʻzi va oilasini qoʻllab-quvvatlashga chorlaydi.
Alisher Navoiy gʻazallari va “Navoiy gulshani” AQSHda chop etildi