Shohjahon Shodiyev, 1990-yil 6-iyunda Samarqand viloyati Pastdarg’om tumani Esaboy qishlog’ida tug’ilgan. Jizzax shahridagi “Sayiljoy” akademik litseyida o’qigan. 2009-yilda Jizzax Politexnika institutiga shartnoma asosida o’qishga qabul qilinib, 2013-yilda institutni tamomladi. Qurilishda loyihachi, Qurilish texnologiyalari kasb-hunar kollejida o’qituvchi bo’lib ishlagan. Anchadan buyon qatralar, hajviyalar yozadi. Shohjahonga o’qib-izlanishda omad, hayoti davomida katta zafarlarga erishishini tilaymiz.
Begona mehr
U har kuni mehribonlik uyi eshigiga termulib, onasini kelishini intiqib kutardi. Qani edi yura olganida onasini izlab o’zi yoniga borardi. Tillari gapirolganida edi. “Onajon!” deb ovozini boricha baqirib izlardi. Yaxshiyamki quloqlari eshitadi, his qiladi. Uning ham yashashga haqqi bor …
Kunlardan bir kuni, uni aravachasida yetimxonaning mehribon tarbiyachisi kechki sayrga olib chiqdi. U yo’lda mashinalar, uylar, odamlar hammasiga birma-bir ko’z yugurtirib borardi. Ular bir chinorning tagiga kelib, tin olishdi. Bir ozdan so’ng yoniga kulrang mashina kelib to’xtadi. Uning chap eshigi ochilib, undan savlatli bir erkak tushdi. O’ng eshigidan sohibjamol bir ayol tushib, bolalar bog’chasi tomon ohista yurib ketdi. Ozroqdan so’ng, qo’ng’ir sochli bolani yetaklab, sohibjamol ayol ko’rindi. Qo’ngir sochli bola besh-olti qadam qolganida qulochini keng yozib, “dadajon!” deb yugurdi. Savlatli erkak ham egilib qo’llarini oldinga tashlab, o’z o’g’lini bag’riga oldi va yuz-ko’zlaridan o’pib, uni mashinasining orqa o’rindig’iga o’tqizdi. Zum o’tmay ular ko’zdan g’oyib bo’lishdi. Bu tasodif voqeani ko’rgan bola mehrga zor ko’zlari bilan tarbiyachisiga boqdi.
- Seniyam bir kuni ota-onang kelib, bag’riga bosib, shunday mashinada olib ketishadi,- dedi mehribon tarbiyachi uni ko’nglini ovutib. Bolaning ko’ngli allanechuk o’rtandi…
Kunlar o’tib, bechora, nogiron, yetim bolaga “Ona yer” mehr ko’rsatib, o’z bag’riga oldi.
Boy otaning nasihati
Yangi boy o’glini mashinasi ruliga o’tqizib, unga haydashni o’rgatardi.
– Kalitni buraysan, muftani o’ng oyog’ing bilan bosib, skorostga
solasan-u, gazni bosasan. Unday keyin rulni boshqarasan.
O’g’il otasini aytganini qilib, mashinani chaqqonlik bilan boshqarib, tezligini
oshirardi. Bundan faxrlangan ota o’g’liga dedi:
– O’g’lim! Otang yoningda ekan doim gazini bos!
Mashina tezlikda burilib yuk mashinasi kamazga ro’baru kelib qoldi.
Otaning qichqirig’i:
– Tormozni bos o’g’lim! Tormozni!
O’g’il gazni bosdi…
Poraxo’r domlaning qonuni
Bersang –olasan! Bu qonun ibtidoiy jamoa davridan buyon mavjud va bundan keyin ham yo’q bo’lmaydi. Dunyo turguncha Agar dunyoda bu qonun bo’lmasa, hamma muammo urush bilan hal bo’ladi. Xuddi hindularga o’xshab, yer uchun, oziq-ovqat uchun va hokazo. Men senlar bilan urush- janjal qilish niyatim yo’q. Fikrimni tushungandirsizlar. Starstalaringga aytganman. Lekin besh qo’l barobar emas. Tashsha va yashsha!.. Yilda ikki marta sessiya tugashi arafasida, “Bersang-olasan” qonunini talabalarga yaxshilab tushuntirardim. Axir u mening qonunim.
Men domla Dangal Oldiyevman. O’qitgan talabalarimga “Bersang-olasan” qonunimni qo’llab o’qitib, ko’p pand yeganman…
Yangi mashina olish uchun avtosalonga bordim. Navbat kutish jonga tegdi, boshlig’i bilan gaplashib tezroq mashinani olgim keldi. O’zim o’qitgan talabam Bektemirov serrayib turibdi. Avtosalon egasi kim? O’zingmisan? Qanday erishding bunday muvaffaqiyatga?
- Ey, ustoz, o’zingizmisiz, o’rgatgansiz-u bersang-olasan O’shani qo’lladik-da.
- Yaxshi, barakalla. Mashinaga pul o’tkazgan edim, to’rt oy bo’layaptiyam hech daragi yo’q. Shuni tezroq..
- O’ylanmang ustozjon, ozroq shapkasi bor. Boshqalarga ming dollar, sizga yarmi-da, ustoz,- dedi tirjayib Bektemirov. Iflos, poraxo’r ichimda so’kindim, mayli o’zim o’qitganman-ku. Faqat darsga kirmay, mashinasida kira qilib yurardi.
- Bo’pti, kelishdik, sen aytgancha bo’laqolsin. Shapkasini berdim-u mashinani qo’lga
Yo’lda mashinada ketayotsam, yo’l patrul ximati xodimi to’xtatsa bo’ladimi.
Tezlikni oshirgan emishman. O’zi yangi mashina tez yuradi-da. Bu turshak GAIiga termulib qarasam, o’zim o’qitgan talaba Yo’lchiyev. “Ustoz, sizni tanidim. Yangi mashina olibsiz, bir haq bering, deb to’xtatdim-da”,- dedi. Ovsar yangi mashina olib cho’ntagim qurigan bo’lsa, sen ustozingga iltifot ko’rsatib yedirib-ichirib qolmaysanmi. To’rtta DAN xodimiga yuz dollar to’lab, o’zlaring yeb ichasizlar dedim. Yo’lchiyev ham “ustoz, kelib turing!” deb qoldi. Ovsar, nuqul mendan restoranda “haq” berib, baho olardi.
Kredit olib, biznes qilaman, deb bankka bordim. Hujjat yig’ishni o’zi bo’lmas ekan. Ko’p vaqtni olarkan. Tayyor biznes rejamni chippakka chiqarib o’tiribdi yaramaslar. Sizga o’zimiz tuzib beramiz, ozroq soqqadan cho’zasiz deydi, yulg’ichlar. Shartta boshlig’iga arz qilib kirsam, o’zimni tolibim To’ychiyev o’tiribdi. Esimga tushdi, yozib kelgan referat, mustaqil ishlarini birovga yozdirib kelgansan deb yuziga qaratib otib yuborardim. Boshga tushganni ko’raverarkanmiz. Ustoz, ustoz deb ochiq yuz bilan samimiy kutib oldi. Aniq u ham men o’rgatgan qonunni qo’llagan. “O’shalarga ozroq yordam qiling” – bankirlarning tarafini oldi u. Bank ishi shu – bersang-olasan. Nima bo’lsa bo’lsin, dedim-u bir-ikki yuz dollar berib biznes reja tuzdirib, kredit oldim. Endi hokimning oldiga kirib, sotib olgan joyim to’g’risidagi qarorga qo’l qo’ydirib olsam, katta biznesmenman-da!
Hokimiyatda hokimni oldiga kelganlar ko’p ekan , navbatga yozdirib, bir haftadan keyin qabuliga kirdim. Ne ko’z bilan ko’rayki, o’zim o’qitgan Qaytmasov qarshimda men hokimman deb turibdi. Esladim, esladim, u ‘starsta’ edi. Zachot pulini yig’ib bermasang senga baho qo’ymayman, deb qo’rqitgan edim bir vaqtlar. Endi qo’lga tushib o’tiribman. “Qonuningiz har joyda ish berarkan”,- dedi u ustimdan kulgandek. Bir vaqtlar sizga xizmat qilganman, o’shani uzmasangiz bo’lmaydi deb turib oldi, muttaham. O’chini oldi-ya, shunchasiga xizmat qildim-ku, mayli sengayam… O’qitgan talabalarimni qarang. Men o’rgatgan “Bersang – olasan” qonuni qo’llab shunday natijalarga erishibdi. Men esa haliyam o’sha-o’sha domlaman. Eh, attang ayb o’zimda , shu qonunimni patentlab qo’yishim kerak edi-da. Kim, qachon va qayerda foydalansa, meni hisob raqamimga bir foizdan pul o’tkazgandayam, hozir milliarder bo’lib ketardim-a! Attang!
###