Shoir va tarjimon A’zam Obid Toshkentda Xalqaro ijod uyi qurish tashabbusi bilan Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi
Murojaatda, jumladan, shunday deyiladi:
“Muhtaram Prezident janobi oliylari!
Vaqtingizni qadrlayman, shu bois darhol maqsadga ko‘chaman. Vatanimizda ko‘p sohada yangi tashabbus bilan chiqayotganlar serob, ammo, afsuski, adabiyot va san’at taraqqiyotdan ancha orqada qolmoqda. Kamina 2018-yil oktabr oyida mustaqil ravishda oilam va do‘stlarim ko‘magida yangicha adabiy-madaniy dastur ochdim: ‘O‘zbekistonda chet ellik yozuvchi/rassom rezidensiyada’ deb nomlanadi. Uch nafar chet ellik shoir, yozuvchi va rassom bilan boshlaganim ushbu dasturning o‘tgan hafta tugagan uchinchi davrida 10 nafar chet ellik ijodkor qatnashdi. Har yili to‘rtta shunday ijodiy turizm dasturini amalga oshirishni ko‘zlaganman. Shu yilgi oktabr oyi dasturiga esa dunyoning turli burchagidan 30 dan ortiq xorijlik yozuvchi, shoir rassom ishtirok etish istagini bildirdi, bu son kundan kunga ortib bormoqda”.
Muallifning ta’kidlashicha, chet ellik ishtirokchilarning o‘z yurtlariga borib, ommaviy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda ulashayotgan o‘zbek xalqi, uning madaniyati, ma’naviyati haqidagi fikr-mulohazalari juda ijobiy. Dunyo bo‘ylab minglab ijodkor do‘stlari o‘z mablag‘iga O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan kelib ko‘rish, ijodkorlar, xalq bilan muloqot qilish, ijodiy almashuvni yo‘lga qo‘yish istagida.
“Kaminani O‘zbekistonda Alisher Navoiy, Pahlavon Mahmud, Usmon Nosir, Cho‘lpon kabi o‘nlab buyuklarimiz asarlarining inglizcha tarjimoni, ko‘plab mamlakatlarda o‘zbek adabiyoti va san’atini chin dildan targ‘ib qilgan, turli tillarda kitoblar, antologiyalar chiqargan, asarlari boshqa tillarga eng ko‘p tarjima qilingan shoir va tarjimon sifatida yaxshi bilishadi.
Davlatdan o‘zim uchun avval biron narsa so‘ragan emasman, bepul uy, tibbiyot xizmati, dala hovli, mukofot degan narsaga ko‘z ham tikkan joyim yo‘q. Shahar chetidagi ikki xonali kvartirada oilam bilan beminnat, kamtarin hayot kechirishdan baxtiyorman. Faqat O‘zbekiston adabiyoti va san’atini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shish uchun Sizga bir iltimosim bor.
Toshkent markazida (va yo o‘zim yashayotgan Yashnobod tumanida) mustaqil ravishda (mayli-da bir necha yilga cho‘zilsa ham), xususiy Xalqaro ijod uyi qurishim uchun olti so‘tix yer ajratib bersangiz. O‘z mablag‘imga asta-sekin qurishni niyat qilganim ushbu Ijod uyida o‘zbek shoir, yozuvchi, rassomlariga ingliz, nemis, fransuz kabi dunyo tillarini o‘rgataman, ularni xalqaro almashuv dasturlarida ishtirok etishga tayyorlayman, jahon adabiyoti va san’atiga jadal qo‘shilishlariga ko‘maklashaman, chet ellik do‘stlarimizning ko‘rgazmalari, badiiy o‘qishlarini tashkillashtiraman. Bu uyni tom ma’noda xalqaro ijodkorlar to‘planib, o‘zbek adabiyotidan yirik adabiy tarjima va tahrir ishlarini amalga oshiradigan, birgalikda yashab, ijod qiladigan, fikr almashadigan katta dargohga aylantirish istagim bor.
Iltimos, bu so‘rovimni Yozuvchilar yo Rassomlar uyushmasiga ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirishmasa, chunki ular mustaqil ravishda bir narsani hal qila olishiga ishonish qiyin”, — deydi A’zam Obid.
https://daryo.uz/2019/04/06/shoir-va-tarjimon-azam-obid-toshkentda-xalqaro-ijod-uyi-qurish-tashabbusi-bilan-shavkat-mirziyoyevga-murojaat-qildi/?fbclid=IwAR3JIX2-AzsUdoUBPUVUAFa8IDfjqBJtLI6lCTUUotmQTAsCCmBwQsPkLZM