Dunyo Karikaturachi Rassomlar Uyushmasi (UWC) a`zosi Mahmudjon Eshonqulov mitti suhbatimizda shunday deydi:
Xalqaro ko`rgazmalarda 1000 dan ortiq jamoaviy ko’rgazmalar ishtirokchisiman, O`ndan ortiq shaxsiy karikatura ko`rgazmam tashkil etilgan, ikkita shaxsiy ko`rgazmam xorijiy mamlakatlarda o’tgan. Xalqaro tadbirlarda to`rt marotaba hakamlar hay’ati a`zosi sifatida ishtirok etganman.
Asarlarim Yaponiya, Bolgariya, Serbiya, Xitoy, Italiya, Fransiya, Polsha, Turkiya, Koreya va Braziliya kabi mamlakatlarning Yumor va Karikatura muzeylari va arxivlaridan joy olgan. Ishlarim xalqaro ko`rgazma va tanlovlarda 250 dan ziyod sovrinli o`rinlarni olishga muvaffaq bo`lgan.
Xalqaro maydonlarga chiqish uchun albatta birinchi navbatda til bilish zarur, jumladan, bizning rassomlik sohamizda ham. Bizga tanlov-ko`rgazmaga qatnashish uchun taklif va tartib qoidalari keladi, ular esa faqat ingliz tilida. Mavzusi, o`lchami, muddati kabilarni lug`at yordamida amallashmiz mumkin.
Agar bizning ishimiz ularga ma`qul kelib mukofotga loyiq ko`rilsa, uzundan-uzun xatlar keladi. Endi tarjimon kerak, men juda ko`plab tarjimonlarga murojaat qilganman, yordam berishgan, lekin ko`nglim to`lmagan. Endi esa ingliz tilni shu yoshga chiqib o’zim o’rganyapman, ancha o’zlashtirib oldim.
Ijodim tufayli, dunyoning bir nechta mamlakatlarida safarda bo`ldim, bir parcha qog`ozga chizilgan rasm meni Serbiya, Isroil, Fransiya, Kipr kabi mamlakatlarda o`tkazilgan taqdimot marosimlarida va festivallarda qatnashish baxtiga muyassar qildi.
Yosh ijodkorlarga demoqchimanki, o’zingiz tanlagan sohaga mehr bilan mahkam yopishing, tobora ichkariroq kirib borishga intiling. Ijodkor uchun keng-qamrovli bilim zarur, birinchi navbatda ko`p o`qish kerak, izlanish va kuzatish kerak.